Qishloq
xo’jalik fakulteti faoliyati davomida va uning negizida mustaqil institut
tashkil etilganidan so’ng oliy o’quv yurtida katta ilmiy kuchlar to’planib,
ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishlari olib borildi. Bu yerda ko’plab
mashhur qishloq xo’jalik, biologiya va iqtisodiyot fanlari arboblari mehnat
qilgan va hozirgi kunda ham o’z faoliyatini davom ettirmoqda. Ular yangi
ilmiy yo’nalishlar asoschilariga aylandi va o’zlarining ilmiy maktablarini
tashkil etdi. Shu bois oliy o’quv yurti ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash
va ularni attestatsiyadan o’tkazish bo’yicha yirik markaz hisoblanadi.
1932
yilda oliy o’quv yurtida aspirantura tashkil etilib, ayrim yillari bu yerda
22 ta ilmiy mutaxassislik bo’yicha kadrlar tayyorlash ishlari olib borilgan
edi. 1940 yilda institut huzurida fan nomzodi va doktorlik ilmiy ishlarni
himoya qilish ilmiy kengashi tuzildi. Toshkent qishloq xo’jalik instituti
faoliyati davrida aspiraturaning nazariy kurslarini 550 nafar aspirant, shu
jumladan o’qishning kunduzgi bo’limini 360 nafardan oshiq kishi bitirdi.
Bundan tashqari, aspiranturada 162 nafar chet ellik ilmiy ish yoqladi.
1940-1969
yillarda Toshkent
qishloq xo’jalik institutida olimlik darajasini berish bo’yicha bitta ilmiy
kengash faoliyat ko’rsatdi. 1966 yilgacha kengash 8 ta mutaxassislik
bo’yicha fan doktori va 13 ta mutaxassislik bo’yicha fan nomzodi, 1966-1968
yillarda tegishli ravishda 8 va 11 ta mutaxassislik bo’yicha ilmiy
darajasini olish uchun ilmiy ishlarni himoyaga qabul qilish huquqiga ega
edi.
1969
yilning boshidan Toshkent
qishloq xo’jalik institutida bitta birlashgan va ikkita fakultet kengashi,
shu yilning oktyabr oyidan boshlab bitta birlashgan va to’rtta fakultet
kengashi ishlay boshladi. 1973 yilning yanvaridan 1976 yilning yanvar
oyigacha birlashgan kengashga 8 ta qishloq xo’jalik va bitta biologik
mutaxassislik bo’yicha fan doktori, 12 ta qishloq xo’jalik va 5 ta biologik
mutaxassislik bo’yicha fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun ilmiy
ishlarni himoyaga qabul qilish huquqi berildi. Fakultet ilmiy kengashi esa faqat
nomzodlik ilmiy ishlarini qabul qilardi, ularning hal etilishi esa takroriy
yashirin ovoz berish asosida birlashgan kengash tomonidan tasdiqlanardi.